16.06.2021 · 👁 1,289
Buyrakda tosh paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha 11 ta maslahat
Siydik-tosh kasalligi barcha yoshdagi odamlarda — chaqaloqlardan tortib keksalargacha uchrashi mumkin. Buyraklarni toshdan asrash uchun qanday foydali odatlarni shakllantirish kerak?
Siydik-tosh kasalligi (urolitiaz) — buyraklarda va/yoki siydik ajratish tizimining boshqa a’zolarida tosh hosil bo‘lishi bilan bog‘liq kasallik. Siydik toshining turi, odatda, bemorning yoshiga bog‘liq. Katta yoshdagi odamlarda siydik kislotasi toshlari ko‘proq uchraydi. Toshlarning 60% dan ortig‘i tarkibi jihatidan aralash bo‘ladi. Siydik toshlari deyarli har doim buyraklarda, siydik nayida hosil bo‘ladi. Siydik pufagida ular odatda ikkilamchi, ya’ni buyrakdan tushgan toshlar bo‘ladi. Toshlar mayda (3 mm gacha — buyrakdagi qum) ham, yirik (15 sm gacha) ham bo‘lishi mumkin. Tibbiyotda toshlar bir necha kilogramm kelgan holatlar ham qayd etilgan.
Buyraklar toshga to‘lganda og‘riq chidab bo‘lmas darajaga yetadi va doimiy tus oladi. Mayda toshchalar alohida noqulaylik tug‘dirmasdan siydik bilan chiqib ketishi mumkin. Chiqmay qolgan toshlar kattalashadi, siydik yo‘lida tiqilib qoladi va siydik o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Yirik toshlar siydik chiqarish yo‘llarini jiddiy shikastlashi mumkin. Shu bois bu muammoning oldini olish salomatlik uchun juda muhim. Buyraklarni toshdan asrash uchun qanday foydali odatlarni shakllantirish kerak?
1. Yetarli miqdorda oddiy suv ichish
Bir kecha-kunduzda yetarli miqdorda suv ichmaydigan odamlarda siydik-tosh kasalligi xavfi ikki baravar yuqori. Suyuqlik buyraklarga organizmni moddalar almashinuvi chiqindilaridan tozalashga yordam beradi. Agar ular o‘z vaqtida chiqarilmasa, kristallanib, toshga aylanadi.
Organizmda suyuqlik yetishmasligini siydik rangidan bilish mumkin. Odatda ertalab u tun davomida hosil bo‘lgan chiqindilar to‘planishi sababli to‘q sariq bo‘ladi. Ammo to‘q tus kun bo‘yi saqlanib qolsa, bu organizmga suv yetishmayotganidan dalolat beradi. Iste’mol qilinadigan suyuqlik miqdori o‘rtacha 8–10 stakan bo‘lishi kerak. Bu hajmga suvdan tashqari boshqa ichimliklar va suyuq mahsulotlar ham kirishi mumkin.
Limon sharbati qo‘shilgan suv juda foydali. U siydikda limon kislotasi miqdorining ortishiga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida kalsiyning oksalat kislotasi bilan erimaydigan tuz hosil qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu bilan birga suv ichishda me’yordan oshirib yubormaslik muhim, chunki buyraklar ishi buzilishi mumkin.
2. Kalsiyga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilish
Kalsiyni to‘liq hajmda ovqat bilan olish zarur
Ovqatlanishda kalsiyning kamayishi organizmda oksalatlar (oksalat kislotasining efirlari va tuzlari) miqdorining ortishiga olib keladi, bu esa asta-sekin siydik-tosh kasalligini keltirib chiqaradi. Ichakda kalsiy oksalatlar bilan bog‘lanadi, bu ularning qonga so‘rilishi va buyraklarga o‘tishining oldini oladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kalsiyni ovqat bilan iste’mol qilish buyrakda tosh hosil bo‘lish xavfini kamaytirgan, shu bilan birga kalsiyli BFQ (biologik faol qo‘shimchalar) qabul qilish, aksincha, siydik-tosh kasalligi xavfini oshirgan.
Shu sababli kalsiyli qo‘shimchalarni emas, balki unga boy oziq-ovqatlarni (sut, tvorog, kefir, kunjut, butun bug‘doy donidan tayyorlangan mahsulotlar va boshqalar) iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, organizmga kalsiyni o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan D vitaminini ishlab chiqarishga yordam berish uchun ertalab quyosh vannalari (kuniga taxminan 15 daqiqa) ham foydali.
3. Oksalatga boy parhezdan saqlanish
Tarkibida oksalat bo‘lgan mahsulotlarni muntazam va ko‘p iste’mol qilish ham siydik-tosh kasalligi xavfini oshiradi. Oksalatlar organizmda kalsiyning so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi, natijada toshga aylanadigan kalsiy oksalatlari hosil bo‘ladi. Otquloq, ismaloq, rovoch, karam, selderey, mangold, lavlagi, shokolad, qulupnay kabi oksalatli mahsulotlarga boy parhezlarga ehtiyotkorlik bilan yondashing. C vitaminini ortiqcha iste’mol qilish ham xavfli — u to‘planib, oksalatlarga aylanadi.
4. Ratsionda tuzni cheklash
Yosh o‘tgan sari iste’mol qilinadigan tuz miqdorini kamaytirish kerak
Natriyga boy mahsulotlar siydikda kalsiy to‘planishiga va buyraklarda tosh hosil bo‘lishiga yordam beradi. Kalsiy siydikdagi oqsil miqdorini oshiradi, bu esa buyrak kasalliklariga olib keladi.
Bundan tashqari, organizmdagi ortiqcha natriy buyraklarni ayniqsa jadal ishlashga majbur qiladi. Natijada ular tez ishdan chiqadi va kasalliklarga ko‘proq moyil bo‘lib qoladi. Siydik-tosh kasalligining oldini olish uchun tuzi kam parhezlar mos keladi — kuniga 5 g dan ko‘p emas, bu taxminan 1 choy qoshiq. Oddiy osh tuzi o‘rniga dengiz tuzidan, shuningdek ziravorlar va xushbo‘y o‘tlardan foydalangan ma’qul.
Darvoqe, odam qancha ko‘p tuz iste’mol qilsa, uning suyaklaridan shuncha ko‘p kalsiy chiqib ketadi.
5. Shakar va shirinlashtirgichlarni kamroq iste’mol qilish
Shakar va fruktoza miqdori yuqori bo‘lgan taomlar buyraklarda tosh hosil bo‘lishi uchun qulay muhit yaratadi. Jumladan, shakarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish organizmda mineral moddalar muvozanatining buzilishiga olib kelib, kalsiy va magniyning so‘rilishiga xalaqit beradi. Ayrim hollarda fruktoza oksalatga aylanishi mumkin. Sanoat shirinlashtirgichlari ham buyraklar faoliyatini pasaytirib, zarar yetkazadi. Choy va qahvaga tabiiy asal yoki steviya qo‘shgan ma’qul.
6. Qizil go‘sht iste’molini kamaytirish
Oqsil miqdori yuqori bo‘lgan ovqat buyraklarga qo‘shimcha yuk tushirishi mumkin
Qizil go‘shtni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish buyraklar uchun juda zararli. Oqsilning ortiqchaligi buyraklarga tushadigan metabolik yukni oshiradi va organizmdagi azot muvozanatini buzadi, bu nafaqat buyraklar, balki butun organizm uchun zararli. Qizil go‘shtda purinlar ko‘p bo‘lib, ular organizmda siydik kislotasi ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu siydikning umumiy pH darajasini pasaytiradi. Siydikda kislota konsentratsiyasining yuqori bo‘lishi esa o‘z navbatida buyraklarda tosh hosil bo‘lishi uchun qulay muhit yaratadi.
7. Sog‘lom vaznni saqlash uchun sport bilan shug‘ullanish
Semizlik ham buyraklarda tosh paydo bo‘lish xavfini oshiradi, shuning uchun muntazam jismoniy faollik siydik-tosh kasalligining oldini olishda juda foydali.
Jismoniy faollik arterial bosimni me’yorlashtiradi, buyraklarda qon mikrosirkulyatsiyasini yaxshilaydi va umuman surunkali buyrak kasalliklari xavfini kamaytiradi. Amerika nefrologlar jamiyati tadqiqotlari ko‘rsatganidek, muntazam mo‘tadil mashqlar buyraklarda tosh hosil bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘plab omillar xavfini kamaytiradi. Buning uchun oddiy mashg‘ulotlarga (yugurish, piyoda yurish, velosiped haydash, badantarbiya) haftasiga besh marta taxminan 30 daqiqadan vaqt ajratish kifoya.
8. Gazlangan ichimliklardan voz kechish
Kuniga 2 ta va undan ko‘p shirin ichimlik ichish buyraklar faoliyatining tez pasayishiga olib keladi
Shirin gazlangan ichimliklar va gazli suvni ortiqcha iste’mol qilish siydik-tosh kasalligi yuzaga kelish xavfini oshiradi. Gazli ichimliklar tarkibidagi fosfat kislotasi siydikni kislotali qiladi va tosh hosil bo‘lishiga yordam beradi. Shirin gazlangan ichimliklar surunkali buyrak kasalliklari rivojlanish xavfini ham oshiradi.
9. Ftorlangan suvni ichmaslik
Ftorlangan ichimlik suvi buyraklar uchun o‘ta nomaqbul mahsulot. Ftori ko‘p suvni muntazam iste’mol qilish buyraklarda tosh hosil bo‘lishiga olib kelishi isbotlangan. Odam haddan tashqari ko‘p ftor iste’mol qilayotganining belgilaridan biri — tish emalining rangsizlanishi yoki unda o‘ziga xos dog‘lar paydo bo‘lishi; bular tish flyuorozi deb ataladigan kasallikka xos. Eng yaxshisi — shisha idishdagi, tindirilgan va qaynatilgan suv ichish yoki suvni ftordan tozalash tizimlaridan foydalanish.
10. Meva va sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish
Sabzavotlar, mevalar va rezavorlar buyraklar faoliyatining tiklanishiga yordam beradi
Buyrakda tosh paydo bo‘lishining oldini olish uchun meva va sabzavotlarga urg‘u berilgan parhezlar foydali. Har kuni kamida besh porsiya meva-sabzavot yeyish tavsiya etiladi. Magniy, kletchatka, kaliy va antioksidantlarga boy meva va sabzavotlar buyraklarni tosh to‘planishidan himoya qilishga yordam beradi.
11. Chekishdan voz kechish
Sigaretalar butun tanada, jumladan buyraklarda ham qon oqimining kamayishi sabablaridan biridir. Buyraklarga qancha kam qon kelsa, ular shuncha yomon ishlaydi.
Agar bel sohasida vaqti-vaqti bilan kuchli yoki o‘tkir og‘riq bezovta qilsa yoki siydik chiqarishda qiyinchilik bo‘lsa, shifokorga borishni kechiktirmang.
Maqolaning tibbiy eksperti
Рахматуллаев Баходир Мирзиятович
urolog-androlog shifokor · klinika «Андролог и Я»
Qabulga yozilish va maslahat:
+998 71 275-82-73
Qo'ng'iroq qilish
Ma'lumot tanishtirish xarakteriga ega. Alomatlar bo'lsa, shifokorga murojaat qiling.
Qabulga yozilish
Shifokorga murojaat qiling
Maqoladagi ma'lumot umumiy xarakterga ega. Aniq tashxis va davolash rejasi uchun shifokor ko'rigi kerak — qo'ng'iroq qiling, qulay vaqtga yozib qo'yamiz.
📞+998 55 055 10 03 Onlayn yozilish →Tashkent Medical Park
г.Ташкент, Учтепинский р-н, Chilonzor 12 кв., ул. М.Шайхзода, 7
Пн 08:30-20:00
Shuningdek qabul qiladi