Андролог и Я новый счетчик
🏥kliniki*
Bolalar jarohatlarida birinchi yordam
08.07.2021 · 👁 1,133

Bolalar jarohatlarida birinchi yordam

Barcha onalar yaxshi biladi: bolalar bilan doim nimadir sodir bo‘lib turadi! Goh ko‘lmakka yiqiladi, goh barmog‘ini rozetkaga tiqadi. Har qanday favqulodda vaziyatga tayyor bo‘lishingiz uchun tez yordam brigadasi yetib kelguncha ota-ona bajarishi zarur bo‘lgan barcha harakatlarni bayon qilamiz. Axir bu ishda eng muhimi – zarar yetkazmaslik, balki yordam berish.
 
Oftob urishi yoki issiq urishi
Bu holat bola ochiq quyosh ostida bosh kiyimsiz uzoq vaqt qolganda yuz beradi. Miyaga qon quyilib kelishi tufayli quyidagi belgilar paydo bo‘ladi:
 
ko‘ngil aynishi;
qusish;
yuzaki nafas olish;
talvasa;
hushdan ketish.
Birinchi yordam ko‘rsatish uchun jabrlanuvchini soyaga olib o‘tish, kiyimini yechib yoki tugmalarini bo‘shatib, boshi tanasidan balandroq turadigan qilib yotqizish kerak. Bolaning yuzi, bo‘yni va ko‘kragini sovuq suv bilan artish lozim. Shuningdek, sovitish uchun peshonasiga sovuq ho‘l sochiq qo‘yish kerak. Haroratni bolalar uchun mo‘ljallangan isitma tushiruvchi vositalar bilan tushirish lozim. Iloji boricha ko‘proq suyuqlik ichirish kerak.
 
Sovuq urishi
To‘qimalarning sovuq ta’sirida shikastlanishi nafaqat qahraton sovuqda, balki hatto 0 - +3 daraja haroratda ham yuz berishi mumkin. Bunday holat ko‘pincha bola ho‘l kiyimda yoki kuchli shamolda sayr qilganda yuzaga keladi.
 
Shifokorgacha yordam ko‘rsatish uchun terining shikastlangan sohasi yuzasida manfiy haroratni saqlab turish zarur. Buning uchun 4 qavatdan iborat issiqlik o‘tkazmaydigan bog‘lam qo‘yiladi: bint+paxta+kleyonka (yoki polietilen paket)+sharf. Bolaga iliq ichimlik berish, ustidan adyol yopib qo‘yish kerak.
 
Diqqat! Sovuq urgan joydagi terini qor yoki qo‘lqop bilan ishqalash aslo mumkin emas. Bu terining shikastlanishiga olib keladi va natijada infeksiya tushishi mumkin. Shuningdek, sovuq urgan sohani iliq (ayniqsa qaynoq!) suv bilan isitish mumkin emas – og‘ir oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.
 
Kuyish
Statistikaga ko‘ra, kuyish bolalik davridagi eng ko‘p uchraydigan jarohat hisoblanadi. Kuyish yuz berganda shikastlangan sohaga sovuq suv oqimini tutib turish kerak. Bu muolajani 10-15 daqiqa davom ettirish lozim. Kuygan joyga hech qachon yod, margansovka yoki yog‘ surtish mumkin emas. Shikastlangan teriga siydik surtish ham, kartoshka qo‘yish ham, shunga o‘xshash boshqa aql bovar qilmas usullar ham mutlaqo mumkin emas! Keng sohali kuyishda har bir soniya muhim – bolani toza, hozirgina dazmollangan choyshabga o‘raymiz, iliq choy beramiz va iloji boricha tezroq klinikaga olib boramiz.
 
Tok urishi
Elektr jarohati olgan bolani zudlik bilan elektr energiyasi manbaidan uzoqlashtirish kerak. Biroq shuni tushunish lozimki, bu paytda jabrlanuvchining o‘zi tok o‘tkazgichga aylanadi va unga faqat rezina qo‘lqopda yoki rezina sirt ustida turgan holda tegish mumkin. Shuningdek, elektr simlarini boladan quruq shox yordamida uloqtirib tashlash mumkin.
 
Nafas to‘xtab qolgan taqdirda yurak massajini o‘tkazish zarur. Buning uchun qo‘llar bilan ko‘krakni 30 marta bosamiz, so‘ng og‘ziga 2 marta havo puflaymiz. Bu harakatlarni tez yordam kelguncha takrorlash kerak.
 
Tok urgan bola o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilmasa ham, uni har qanday holatda shifokorga ko‘rsatish zarur. Tokning organizmga salbiy ta’siri darhol namoyon bo‘lmasligi mumkin.
 
Lat yeyish
Lat yeyish deb teri qoplamining butunligi buzilmagan holda organizm to‘qimalarining shikastlanishiga aytiladi. Lat yeyishning asosiy belgisi – ko‘karish yoki gematoma. Jarohat olgach, bola og‘riq sezadi, shish paydo bo‘lishi mumkin.
 
Lat yeganda ota-onaning asosiy harakati – shikastlangan sohaga sovuq narsa qo‘yish. Muzlatkich kamerasidagi har qanday muzlatilgan mahsulot to‘g‘ri keladi, faqat uni oldindan ro‘molcha yoki yupqa sochiqqa o‘rash kerak. 2-3 kundan keyin esa lat yegan joyga, aksincha, iliq grelka qo‘yiladi. Bo‘g‘im sohasi lat yegan bo‘lsa, uni harakatsizlantirish zarur.
 
Diqqat! Kuchli zarba olganda jiddiy chiqish va sinishlarni istisno qilish uchun bolani albatta shifokorga ko‘rsatish kerak.
 
Boylamlarning cho‘zilishi yoki uzilishi
Boylamlar cho‘zilganda yoki uzilganda aksariyat hollarda boldir-oshiq bo‘g‘imi zarar ko‘radi. Bola oyoq panjasini qayirib olgach, o‘tkir og‘riq sezadi. Shu paytda bo‘g‘imning tashqi yuzasida shish paydo bo‘ladi.
 
Boylamlar cho‘zilganda va uzilganda shikastlangan bo‘g‘imga sovuq narsa qo‘yish va uni sakkizsimon bog‘lam bilan mahkamlash zarur. Qayrilib ketgan oyoq suyak darz ketishiga sabab bo‘lmasligi uchun bolani shifokorga ko‘rsatish tavsiya etiladi.
 
Sinish
Bu eng xavfli jarohatlardan biri bo‘lib, nafaqat kechiktirib bo‘lmaydigan yordam, balki keyingi reabilitatsiya haqidagi bilimlarni ham talab qiladi. Ochiq sinishlar eng xavfli hisoblanadi, chunki shikastlangan to‘qimalar orqali infeksiya tushish xavfi katta.
 
Ochiq sinishda ota-onaning dastlabki harakati – steril bog‘lam yordamida qon ketishini to‘xtatish (qon ketishini quyida batafsilroq ko‘rib chiqamiz). Agar suyak uchlari va parchalari ko‘rinib qolgan bo‘lsa – ularni yara ichiga kiritishga aslo urinmang. Singan qo‘l-oyoqni qo‘l ostidagi materiallardan yasalgan shina yordamida harakatsizlantirish zarur. Bu taxta, tayoq, karton bo‘laklari va h.k. bo‘lishi mumkin. Qo‘l singanda uni tanaga bint bilan bog‘lab qo‘yish mumkin. Singan oyoqni shikastlanmagan oyoqqa ehtiyotkorlik bilan bint bilan bog‘lab qo‘ysa bo‘ladi. Jabrlanuvchini qo‘shimcha shikast yetkazmasdan, juda ehtiyotkorlik bilan ko‘chirish kerak.
 
Umurtqa pog‘onasi singanda bolani yotgan holatda ko‘chirish zarur. O‘tirgan holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashish qalqonda yoki qattiq karkasli zambilda amalga oshiriladi. Chanoq suyaklari singanidan shubha qilinsa, jabrlanuvchini zambilga yotqizib, bukilgan va kerilgan tizzalari ostiga bolishcha qo‘yish kerak.
 
Yara
Har qanday, hatto eng kichik yara ham infeksiya uchun ochiq darvozadir. Ko‘pincha infeksiya noto‘g‘ri ko‘rsatilgan yordam natijasida tushadi.
 
Yara paydo bo‘lganda shikastlangan terini kirdan tozalang (harakatlarni yara chetlaridan uning tashqi tomoniga qarab bajaramiz), steril bog‘lam bilan yoping. Yordam ko‘rsatayotganda yarani barmoqlar bilan tekshirmang, uni hech qanday suyuqlik bilan yuvmang. Zelyonka yoki yod bilan ishlov berayotganda vosita yaraning o‘ziga emas, faqat chetlariga tegishiga e’tibor bering.
 
Agar qo‘yilgan bog‘lam qonga bo‘kib qolsa, uni yechishga urinmang, yaxshisi ustidan yana bir qo‘shimcha qavat bint o‘rang.
 
Qon ketishi
Qon ketishini to‘xtatish taktikasi uning turiga bog‘liq. Masalan, venoz yoki kapillyar qon ketishda bolaning jarohatlangan qo‘l-oyog‘ini ko‘tarish va yaraga bosuvchi bog‘lam qo‘yish kerak. Arterial qon ketishda – jgut qo‘yish talab etiladi.
 
Jgutni to‘g‘ri qo‘yish uchun uni yumshoq taglik ustidan mahkamlash kerak (har qanday mato to‘g‘ri keladi). Qo‘yish paytida qon ketishini kuzatib turish zarur: u to‘xtashi bilanoq jgut bosimini shu darajada qoldirish kerak. Bundan qattiqroq tortish kerak emas!
 
Jgut qo‘yilgan vaqtni yozib qo‘yish va siqib turish davomiyligi yozda 40 daqiqadan, qishda – 20 daqiqadan oshmasligini nazorat qilish zarur. Vaziyatni nazorat qilib turish uchun jgutni kiyim bilan yopmaslik kerak.
 
Bosh miya jarohati
Bola bosh suyagi jarohatini olganda ota-onaning asosiy vazifasi – to‘liq osoyishtalikni ta’minlash. Ochiq yara bo‘lsa, zich steril bog‘lam qo‘yiladi. Qusish boshlansa, bola qusuq massalariga tiqilib qolmasligini kuzatib turish kerak. Jabrlanuvchini shifokorga qo‘lda ko‘tarib olib borgan ma’qul.
 
Diqqat! Har qanday bosh miya jarohatida bolani albatta shifokorga ko‘rsatish zarur. Yuz bergan hodisaning jiddiyligini yetarlicha baholamaslik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin: bosh og‘riqlari, xotira buzilishlari, tez charchash va h.k.
 
Ushbu tavsiyalarning barchasi baxtsiz hodisa yuz berganda sarosimaga tushmaslikka va bolangizga o‘z vaqtida to‘g‘ri shifokorgacha yordam ko‘rsatishga yordam beradi. Ammo bunga hojat qolmasligi uchun farzandlaringizni asrang!
 
Muallif: Irina Yelovikova, pediatr, «HCV-infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarda gepatit C virusi rivojlanishining prediktorlari» mavzusidagi ilmiy ish muallifi
 
Maqolaning asl nusxasi: https://docdeti.ru/baza-znaniy/761/
Maqolaning tibbiy eksperti
Турсунова Назокат Омилхоновна
ginekolog, reproduktolog · klinika «Saba Darmon»
Qabulga yozilish va maslahat: +998 71 210-30-30 Qo'ng'iroq qilish
Ma'lumot tanishtirish xarakteriga ega. Alomatlar bo'lsa, shifokorga murojaat qiling.
Qabulga yozilish

Shifokorga murojaat qiling

Maqoladagi ma'lumot umumiy xarakterga ega. Aniq tashxis va davolash rejasi uchun shifokor ko'rigi kerak — qo'ng'iroq qiling, qulay vaqtga yozib qo'yamiz.

📞+998 55 055 10 02 Onlayn yozilish →
Sog'lom bolalar Yunusobod filiali
Toshkent sh., Yunusobod tumani, Yunusobod 17, Mirzaeva 50 uy
Пн 09:00-19:00
← Barcha yangiliklar