FOTODERMATIT
FOTODERMATIT
VITAMED MEDICAL klinikasi dermatovenerolog shifokori Rixsiyeva Mavluda Tohirjonovna ushbu maqolada fotodermatit, uning kelib chiqish sabablari, belgilari va profilaktika choralari haqida so‘zlab beradi.
Yoz fasli va quyoshli, issiq havo boshlanishi bilan terining ochiq qismlarida qizarish, qichishish va achishish keltirib chiqaradigan o‘ziga xos teri reaksiyalari eng dolzarb muammoga aylanadi. Ultrabinafsha nurlarga yuqori sezuvchanlik bilan tavsiflanadigan va murakkab toshmalar bilan kechadigan kasallik fotodermatit deb tasniflanadi.
Xalq orasida bu muammo quyoshga allergiya deb ataladi – odam quyosh nurlari ostida bo‘lganida unda noadekvat reaksiya paydo bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, fotodermatitda quyosh ostida hatto qisqa vaqt bo‘lish ham pufaklar paydo bo‘lishi va yallig‘lanish jarayoni rivojlanishi bilan tugaydi.
Ko‘rib chiqilayotgan holat juda ko‘p uchraydi, statistikaga ko‘ra fotodermatit bemorlarning 20 foizida tashxislanadi. So‘nggi yillarda quyoshga allergiya aniqlanish hollari tez-tez uchramoqda.
Fotodermatit sabablari
Terining quyosh nurlariga bunday noadekvat reaksiyasining asosiy sababi – teri sensibilizatsiyasining ortishi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlarining teriga tushishi fotokimyoviy reaksiyani qo‘zg‘atadi – u moddalar tuzilishini o‘zgartiradi. Bu murakkab kimyoviy jarayonlarning natijasi quyosh nurlari ta’siri fonida terining o‘ta sezuvchanligi bo‘ladi.
Fotodermatit ikki xil bo‘lishi mumkin:
· endogen – organizmdagi modda almashinuvi jarayonlarining buzilishi va/yoki immun tizimi patologiyalari fonida yuzaga keladi;
· ekzogen – teriga tushib, ultrabinafsha nurlar ta’sirida o‘zgara boshlaydigan moddalar tufayli qo‘zg‘aladi.
Fotodermatit rivojlanishi bo‘yicha xavf guruhiga quyidagi toifadagi odamlar kiradi:
· terisi oq va yupqa odamlar;
· homiladorlar;
· bolalar;
· oilasida, yaqin qarindoshlarida quyoshga allergiya hollari bo‘lgan odamlar;
· atopik yoki dermatitning boshqa har qanday turi bilan og‘rigan bemorlar;
· parfyumeriya va dekorativ kosmetikadan haddan tashqari ko‘p foydalanadigan odamlar;
· quyoshda toblanish va solyariyni suiiste’mol qiladiganlar;
· muayyan dori vositalarini qabul qilishga majbur bo‘lganlar;
· yaqinda tatuaj va/yoki piling qildirgan shaxslar.
Fotodermatit belgilari
Ko‘rib chiqilayotgan kasallik belgilari o‘ziga xos emas, shuning uchun ularni, masalan, oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya bilan adashtirish oson. Ammo fotodermatitning ilk belgilari quyosh nurlari teriga ta’sir qilgandan keyin deyarli darhol paydo bo‘ladi – bu shikastlangan o‘choqlarning qizarishi va mayda toshma.
E’tibor bering: ayrim odamlarda quyoshga allergiya belgilari darhol emas, balki quyosh nurlari teriga bevosita ta’sir qilgandan 8-12 soat o‘tgach paydo bo‘lishi mumkin.
Fotodermatitning barcha belgilari ikki guruhga bo‘linadi:
1. Mahalliy belgilar:
· quyosh nurlari bevosita ta’sir qilgan joylarda terining qizarishi;
· shikastlangan o‘choqlarning shishinqirashi;
· qichishish – u kuchli ham, kuchsiz ham bo‘lishi mumkin;
· shikastlangan o‘choqlarda achishish hissi;
· «kuyish» o‘rnida seroz yoki yiringli suyuqlik bilan to‘lgan pufaklar paydo bo‘ladi;
· shikastlangan o‘choqlarda teri faol po‘st tashlay boshlaydi.
2. Umumiy belgilar:
· holsizlik va lohaslik;
· tana haroratining ko‘tarilishi;
· bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi.
E’tibor bering: ko‘rsatilgan belgilarning jadalligi turlicha bo‘lishi mumkin, chunki ko‘p narsa teri turiga, odamning umumiy sog‘lig‘i holatiga, turli ta’sirlovchilarga allergiya bor-yo‘qligiga bog‘liq. Ayrim hollarda fotodermatitda odamlarda hushdan ketish, arterial bosimning pasayishi, bronxospazm kuzatiladi.
Profilaktika choralari
Agar odamda fotodermatit allaqachon tashxislangan bo‘lsa, kasallik qo‘zishining oldini olish uchun u ayrim xulq-atvor qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerak.
Bunday profilaktika choralariga quyidagilar kiradi:
1. Quyoshli havoda ko‘chaga chiqishdan oldin teriga himoya darajasi yuqori (kamida 50) bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi krem surish zarur.
2. Plyajda soyabon yoki bostirmadan foydalanish – quyosh vannalaridan butunlay voz kechish kerak.
3. Ovqatlanish ratsionini to‘g‘rilash – unda B vitaminiga boy mahsulotlar ustun bo‘lishi kerak: kakao, qora va qizil smorodina, ko‘k choy, baliq, tovuq tuxumi, parranda va mol jigari.
4. Quyoshli havoda albatta keng soyabonli shlyapa kiyish va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish kerak.
5. Bahor-yoz davrida parfyumeriya mahsulotlari, dezodorantlar va dekorativ kosmetikadan eng kam miqdorda foydalanish.
6. Yozda kiyim tabiiy matolardan va och rangda bo‘lishi kerak.
7. Shifokor bilan maslahatlashgandan keyin profilaktika sifatida jigar ishini yaxshilash va immunitetni oshirish uchun dorilarni kurs bilan ichish mumkin.
8. Har qanday dori vositasini faqat davolovchi shifokor bilan maslahatlashgandan va yo‘riqnomani diqqat bilan o‘rgangandan keyin qabul qilish mumkin – dorining fotosensibilizatsiyalovchi xususiyatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak.
Ammo odam mutlaqo sog‘lom bo‘lsa ham, quyoshga allergiya terida to‘satdan paydo bo‘lib qolmasligi uchun ayrim profilaktika choralarini ko‘rishi kerak.
Mutaxassislar nimani maslahat beradi:
1. Mavjud barcha quyoshdan himoyalovchi vositalardan albatta foydalanish.
2. Quyosh vannalarini ertalab soat 10 gacha va kechqurun soat 18 dan keyin qabul qilishni afzal ko‘rish.
3. Agar dori vositalarini qabul qilish kerak bo‘lsa, albatta yo‘riqnomani o‘rganish va dorining yuqori fotosensibilizatsiyalovchi xususiyatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, yoz faslida uni qabul qilishdan voz kechish kerak.
4. Kurortga borishdan oldin go‘zallik salonlarida agressiv muolajalarni aslo o‘tkazmaslik kerak – pirsing, tatuaj va pilingdan voz keching.
5. Quyoshda toblanishni suiiste’mol qilmaslik, zaruratsiz solyariyga bormaslik.
Shuni yodda tutish kerakki, fotodermatit borligi odam quyoshli kunlardan har qanday yo‘l bilan qochishi kerakligini aslo anglatmaydi. Ko‘pincha ko‘rib chiqilayotgan kasallik o‘tkir shaklda kechadi, ahyon-ahyonda surunkali shaklga o‘tadi. Ammo bu holda ham shifokorlar bemorlarga muolajalar, dori vositalarini taklif etishi va bemorning holatini barqarorlashtirishi mumkin.
Sizni qiziqtirgan savollarni elektron pochtaga so‘rov yuborib yoki biz bilan telefon orqali bog‘lanib berishingiz mumkin:
info@vitamed.uz
+998 55 055 10 08
+998 55 055 10 08
Qo‘shimcha ma’lumot:
www.vitamed.uz
Telegramdagi kanal - https://telegram.me/vitameduz
Tez yordam – 1063, (+998 71) 129-00-03
Sog‘ bo‘ling va yaqinlaringizni asrang!
Shifokorga murojaat qiling
Maqoladagi ma'lumot umumiy xarakterga ega. Aniq tashxis va davolash rejasi uchun shifokor ko'rigi kerak — qo'ng'iroq qiling, qulay vaqtga yozib qo'yamiz.
📞+998 55 055 10 03 Onlayn yozilish →