Ko‘z allergiyasi
Allergiya – organizmning biror moddaga o‘ta sezuvchanligi. Har bir inson hayotida kamida bir marta bu muammoga duch keladi. Ko‘z allergiyasini istalgan narsa qo‘zg‘atishi mumkin – oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, kosmetika, uy hayvonlari, o‘simliklar va h.k. Insonning biror moddaga o‘ta sezuvchanligining aniq sababi noma’lum, biroq bolaning allergiyaga moyilligi bilan ota-onadan birining allergiyasi o‘rtasida bog‘liqlik kuzatiladi.
Kasallikning belgilari va shakllari
Ko‘z allergiyasining shakllari juda xilma-xil va ko‘p sonli: qovoq terisi zararlanishi, og‘ir toksik-allergik keratitlar (shox parda yallig‘lanishi), uveitlardan (ko‘zning tomirli pardasi yallig‘lanishi) tortib, ko‘z to‘r pardasi va ko‘rish nervining zararlanishigacha. Biroq bu og‘ir shakllar unchalik keng tarqalmagan, qovoqlarning allergik dermatitlari va konyunktivitlarning ko‘p sonli turlari ancha ko‘proq uchraydi.
1. Allergik dermatit. Qovoqlar kasalligi - organizmning dori preparatlari yoki kosmetik vositalar qo‘llanishiga o‘tkir reaksiyasi. Yuz terisining yaqqol qizarishi va shishi bilan namoyon bo‘ladi, qichishish va achishish bilan kechadigan papulyoz toshmalar kuzatilishi mumkin.
2. Allergik konyunktivit. O‘tkir va surunkali ko‘rinishda uchraydi. Ikkala holatda ham ko‘zning turli darajada qizarishi, yosh oqishi, ba’zan ipsimon shilliq ajralma kelishi bilan ifodalanadi. O‘tkir allergik konyunktivit, odatda, konyunktiva xemozi deb ataladigan holat – ko‘z shilliq qavatining yaqqol «shishasimon» shishi bilan namoyon bo‘ladi.
3. Pollinoz konyunktivitlar. Gullayotgan o‘simliklar changi qo‘zg‘atadigan allergik reaksiyalar, aynan shuning uchun xurujlarning aniq mavsumiy chegarasi kuzatiladi – bahor – yoz boshi. Pollinozlarning klinik ko‘rinishlari konyunktivitning umumiy belgilaridan tashqari tumov, aksirish, bo‘g‘ilish xurujlari (allergik bronxial astma), teri reaksiyalarini o‘z ichiga olishi mumkin.
4. Bahorgi konyunktivit (keratokonyunktivit) - bahorgi katar. Bu ham barqaror issiq kunlar kelishi bilan zo‘rayadigan mavsumiy kasallik. Kasallik sababi ultrabinafsha nurlarning, ya’ni quyosh nurlanishining katta dozalarini individual ko‘tara olmaslik bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinadi. Biroq kasallik mexanizmini ayrim o‘simliklarning allergenlari ishga tushirishi ehtimoli ko‘proq. Faqat bolalar, odatda o‘g‘il bolalar kasallanadi. Kasallik surunkali kechadi, bunda qichishish, yosh oqishi, yorug‘likdan qo‘rqish, shilliq ajralma kelishi bezovta qiladi. Qovoqlar konyunktivasi yuzasidagi xarsangtosh yotqizilgan yo‘lni eslatuvchi so‘rg‘ichsimon o‘simtalar xos belgi hisoblanadi. Ba’zan so‘rg‘ichsimon o‘simtalar limb bo‘ylab – shox parda chetida paydo bo‘ladi.
Allergiya kontakt linzalardan foydalanuvchilarni ham chetlab o‘tmaydi. Allergik reaksiyalarni linzalarning yoki ularni dezinfeksiya qilish eritmasining biror tarkibiy qismi qo‘zg‘atadi. Linzalar yuzasiga oson o‘tirib qoladigan uchuvchan kimyoviy moddalar, masalan, soch laki yoki dezodorant ham allergiyani keltirib chiqaradi.
5. Sovuqqa allergiya. Allergiyaning bu turi kattalarda ham, kichkintoylarda ham uchraydi. Sovuq havoda sayr qilgandan so‘ng bolada ko‘z ostidagi allergiya terining qizarishi va shishinqirashi, qichishish va po‘st tashlash, ko‘z sklerasining qizarishi bilan namoyon bo‘ladi. Sovuqqa allergiya ko‘zlarda, terida namoyon bo‘ladi. Ba’zan uni suvchechak yoki qizamiq bilan adashtirishadi. Allergiyaning bunday turi organizm himoya kuchlarining sovuqqa javobidir. Noimmun turdagi psevdoallergik reaksiyalarga kiradi.
Sultanova Ziyoda Mutalovna
Shifokorga murojaat qiling
Maqoladagi ma'lumot umumiy xarakterga ega. Aniq tashxis va davolash rejasi uchun shifokor ko'rigi kerak — qo'ng'iroq qiling, qulay vaqtga yozib qo'yamiz.
📞+998 55 055 10 03 Onlayn yozilish →